Mirishkorda g‘o‘za parvarishi bo‘yicha amaliy ishlar kuchaytirildi
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri, Respublika Paxtachilik kengashi rahbari Ibrohim Abdurahmonov tomonidan Mirishkor tumanida g‘o‘za parvarishida olib borilayotgan ishlar tahlil qilinib, ayrim kamchiliklar mavjudligi qayd etildi. Xususan, g‘o‘za maydonlarida begona o‘tlarning ko‘pligi, ekinlarning mikroo‘g‘itlar bilan yetarli darajada oziqlantirilmayotgani hamda agrotexnik tadbirlarning ayrim hududlarda talab darajasida tashkil etilmagani ta’kidlandi.
Mazkur kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida Respublika Paxtachilik kengashi tomonidan biriktirilgan vakil A. Anorboyev, viloyat ishchi guruhi rahbari A. Oripov hamda Mirishkor tumani hokimi F. G‘ulomov ishtirokida joylarda amaliy o‘rganishlar olib borildi. Mutasaddilar tomonidan g‘o‘za maydonlarining holati ko‘zdan kechirilib, mavjud muammolarni qisqa muddatlarda bartaraf etish yuzasidan aniq vazifalar belgilab berildi.
Shuningdek, tuman hududlarida begona o‘tlarga qarshi kurashish, g‘o‘zani mikroo‘g‘itlar bilan oziqlantirish va boshqa agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida hamda sifatli amalga oshirish bo‘yicha amaliy ishlar tashkil etildi. Mas’ullarga paxta hosildorligini oshirish va ekinlarning sog‘lom rivojlanishini ta’minlash maqsadida barcha zarur choralarni belgilangan muddatlarda bajarish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.
