Urug‘chilikni rivojlantirish markazi direktorining tegishli buyrug‘i bilan Markaz tizimidagi korxonalar faoliyatini o‘rganish hamda ularga amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida ishchi guruh tuzildi. Ishchi guruhga Direktor o‘rinbosari Bahodir Mo‘ydinov rahbarlik qilmoqda. Mazkur ishchi guruh tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro va Navoiy viloyatlarida o‘rganish ishlari olib borildi. O‘rganishlar davomida 2026 yil hosili uchun urug‘lik g‘alla qabul qilish mavsumiga tayyorgarlik, urug‘lik maydonlarida aprobatsiya jarayonlari, urug‘lik paxta maydonlarida monitoring tadbirlari hamda xo‘jaliklarning ishlab chiqarish holati tahlil qilindi. Shuningdek, korxonalarda urug‘lik don tayyorlash sexlari, laboratoriya va omborlar holati, metrologik ta’minot hamda zararkunandalarga qarshi profilaktik ishlarning borishi o‘rganildi.

Shu bilan birga, Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 2-oktabrdagi 622-son qarori asosida bir qator elita urug‘chilik xo‘jaliklarini birlashtirish orqali yirik urug‘chilik korxonalari tashkil etilgan hamda ulardagi davlat ulushining 49 foizini ommaviy savdolar orqali sotish ishlari olib borilmoqda. “URGANCH BEST SEEDS”, “Buxoro BEST SEEDS” va “NAVOIY BEST SEEDS” MChJlarda mazkur jarayonlar belgilangan tartibda amalga oshirilgan bo‘lsa, “NO’KIS BEST SEEDS” MChJda kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish bilan bog‘liq masalalar tufayli jarayon to‘liq yakunlanmagani ma’lum bo‘ldi.

Hududlarda urug‘lik g‘alla maydonlarida dala aprobatsiya ko‘riklarini tashkil etish va natijalarni “Agrosert.uz” hamda “E-urug’” platformalariga kiritish ishlari izchil olib borilmoqda. Xorazm, Buxoro va Navoiy viloyatlarida aprobatsiya ishlari asosan yakunlangan bo‘lsa, Qoraqalpog‘iston Respublikasida ushbu jarayon davom etmoqda. Biroq, urug‘lik paxta maydonlarida birinchi monitoring tadbirlarini o‘tkazishda ayrim hududlarda kechikishlar kuzatilgan bo‘lib, belgilangan maydonlarda ishlarga hali kirishilmagani aniqlandi.
Tayyorladi: Ruslan To’raxmadov

Elita urug‘chilik xo‘jaliklarida ekinlarni joylashtirish, urug‘ ko‘paytirish, sanoq ishlarini tashkil etish va qo‘shimcha agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi. Shuningdek, 2027-yil hosili uchun jamg‘ariladigan urug‘lik bug‘doylarni vernalizatsiyaga qo‘yish bo‘yicha tayyorgarlik ishlari boshlangan bo‘lib, saqlash va sovutish infratuzilmasini tashkil etish uchun hamkor tashkilotlar bilan muzokaralar olib borilmoqda. Bu ishlar kelgusi mavsumda yuqori sifatli urug‘lik fondini shakllantirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

