Xitoyda urug‘chilik va seleksiya sohasidagi ilg‘or tajriba o‘rganilmoqda
Ayni kunlarda Urug‘chilikni rivojlantirish markazi direktori o‘rinbosari Bahodir Muydinov O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sohasi vakillaridan iborat delegatsiya tarkibida Xitoy Xalq Respublikasida bo‘lib, mamlakatning ilg‘or qishloq xo‘jaligi tajribasini o‘rganmoqda.
Tashrif doirasida delegatsiya a’zolari urug‘chilikka ixtisoslashgan Anhui Luyi kompaniyasining urug‘chilik maydonlarida bo‘lib, seleksiya va urug‘chilik yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar, ekinlarni yetishtirish texnologiyalari hamda zamonaviy agrotexnologiyalar bilan yaqindan tanishmoqda.
Dala maydonlaridagi amaliy jarayonlar davomida xitoylik mutaxassislar bilan tajriba almashilib, urug‘chilik va seleksiya sohasida hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilinmoqda. Shuningdek, ilg‘or texnologiyalarni O‘zbekiston sharoitida qo‘llash imkoniyatlari yuzasidan fikr almashilmoqda. Mazkur tashrif urug‘chilik va seleksiya yo‘nalishida xalqaro tajribani o‘rganish, zamonaviy texnologiyalarni amaliyotga joriy etish hamda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
