Quva elita urug'chilik xo'jaligida yuqori avlodli MG-26 g‘o‘za navi yetishtirilmoqda
Qishloq xo‘jaligi vaziri, Paxtachilik kengashi raisi Ibrohim Abdurahmonov boshchiligidagi ishchi guruh ayni vaqtda Farg‘ona viloyatida o‘rganish ishlarini olib bormoqda. Vazir boshchiligidagi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimidagi tashkilotlar rahbarlaridan iborat delegatsiya viloyatning Quva tumanida joylashgan Quva elita urug‘chilik xo‘jaligiga tashrif buyurib, ushbu hududda ekilgan MG-26 g‘o‘za navining rivojlanish holati, agrotexnik parvarishi hamda urug‘chilik istiqbollari bilan yaqindan tanishdi.
Mazkur nav «Qishloq xo‘jaligida yuqori texnologiyalar Agrotexnoparki” tomonidan Xitoy Xalq Respublikasidan O’zbekistonga olib keldi. “MG-02” va “MG-26” g‘o‘za navlarining jami 90 tonna yuqori avlodli original urug‘liklari respublikaga import qilindi.
Ushbu Bt va Gt genli g‘o‘za navlari urug‘liklarini ko‘paytirish maqsadida Agrotexnopark tomonidan Urug‘chilikni rivojlantirish markazi hamda Qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasining ilmiy-tajriba stansiyalari, elita va xususiy urug‘chilik xo‘jaliklariga tegishli 3 420 gektar maydonda ekish ishlari tashkil etildi. Mazkur loyiha doirasida 2027-yil hosili uchun 2612 tonna sifatli urug‘lik chigiti tayyorlash rejalashtirilgan.
Shuningdek, navning sifat ko‘rsatkichlari ham alohida e’tiborga loyiq. Xususan, tola chiqimi 43,6 foiz, tola uzunligi 30,3 mm, ko‘sakdagi paxta vazni 5,8 gramm hamda urug‘ unuvchanligi 99 foizni tashkil etadi. MG-26 Fusarium va Vertitsillium vilt kasalliklariga chidamliligi, o‘rtacha sho‘rlangan tuproq sharoitida ham yuqori natija ko‘rsatishi bilan ajralib turadi.
Mazkur tajribalar kelgusida yuqori avlodli urug‘lik materiallarini yetishtirish va paxtachilikda samarali navlarni keng joriy etishga xizmat qiladi.
