JAMG’ARILGAN URUG’LIK PAXTA HOLATI O’RGANILMOQDA

Ayni kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining topshirig‘i asosida hududlarda jamg‘arilgan urug‘lik paxta xom-ashyosining holati o‘rganilmoqda. Shu doirada Urug‘chilikni rivojlantirish markazi direktori o‘rinbosari Bahodir Mo‘ydinov boshchiligidagi Respublika ishchi guruhi Andijon viloyatida olib borilayotgan ishlarda ishtirok etdi.

O‘rganishlar davomida 2025 yil paxta hosilidan viloyat bo‘yicha jami 9 702 tonna urug‘likka mo‘ljallangan paxta xom-ashyosi jamg‘arilgani, uning 3 244 tonnasi hosil qabuli dasturiga kiritilgani, yana 6 458 tonnasi esa qo‘shimcha zahira sifatida shakllantirilgani aniqlandi.

Andijon viloyatida 24–25-noyabr kunlari o‘tkazilgan monitoring jarayonlarida urug‘lik materiallarining saqlanishi, navlar bo‘yicha ajratilishi va sifat ko‘rsatkichlari o‘rganildi. Jumladan, Paxtaobod tumanidagi “Al-xakim” MCHJda 1 287 tonna xorijiy seleksiyaga mansub “Xin Lu Zhong-52” navli paxta xom-ashyosi turli g‘aram va partiyalarda jamg‘arilgani qayd etildi. Mutaxassislar tomonidan aniqlangan kamchiliklar yuzasidan tegishli xulosalar berildi.

O‘rganishlarda aniqlangan holatlarni bartaraf etish maqsadida Qishloq xo‘jaligi boshqarmasi, Urug‘chilikni rivojlantirish markazi va Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sifatini baholash markazining hududiy bo‘linmalari vakillaridan ishchi guruhlar shakllantirilishi belgilandi. Jumladan, g‘aramlarda tunnel qazish va havoni aylantirish uskunalarini o‘rnatish, xorijiy hamda mahalliy navlarni standart talablarga muvofiq saqlash, klaster korxonalarida turg‘un urug‘lik chigitlarni alohida joylashtirish, omborlarda zararkunandalarga qarshi ishlovlarni kuchaytirish hamda birinchi navbatda, xorijiy urug’liklarni qayta ishlashni jadallashtirish choralarini ko’rish belgilandi.

Прокрутить вверх