Sho‘rchida urug‘chilik tizimi yangicha yondashuv asosida rivojlanmoqda
Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Surxondaryo viloyatiga amalga oshirgan ishchi tashrifi davomida hududda urug‘chilik tizimini zamonaviy talablar asosida rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.
Tashrif doirasida Sho‘rchi tumanida joylashgan “Janub Surxon G‘isht” MChJ tasarrufidagi urug‘lik bug‘doy donini saqlashga ixtisoslashgan zamonaviy sovutgichli ombor faoliyati ko‘zdan kechirildi. Mazkur obyekt yuqori sifatli urug‘lik donning biologik xususiyatlarini saqlab qolish, uning unuvchanligi hamda ekish sifatini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, vazir “Sho‘rchidonmahsulotlari” AJ tomonidan ushbu sovutgichli omborda saqlanayotgan urug‘lik bug‘doy donining holati, saqlash sharoitlari hamda texnologik jarayonlarning tashkil etilishi bilan tanishdi. Ayni paytda korxona tasarrufida umumiy sig‘imi 16 ming tonnani tashkil etuvchi zamonaviy omborxonalar faoliyat yuritmoqda.
Ma’lumki, daladan keltirilgan don bevosita saqlashga yo‘naltirilmaydi. Dastlab hosil maxsus uskunalarda saralanib, begona aralashmalardan tozalanadi hamda laboratoriya sharoitida chuqur tahlildan o‘tkaziladi. Faqat urug‘lik sifat ko‘rsatkichlariga to‘liq javob bergan donlar dorilanib, zarur himoya ishlovlari berilgach, maxsus sovutgichli omborlarga joylashtiriladi.
Mazkur yondashuv urug‘lik don sifatini saqlash, kasallik va zararkunandalar ta’sirini kamaytirish hamda kelgusi ekin mavsumi uchun yuqori unuvchan urug‘lik zaxirasini shakllantirishga xizmat qiladi.
Ishchi tashrif davomida vazir ayni shunday yondashuvlarga ixtisoslashgan “Sho‘rchidonmahsulotlari” AJ tasarrufidagi yillik quvvati 6 ming tonna bo‘lgan urug‘lik donni saralash va dorilash sexi faoliyati bilan ham tanishdi. O‘rganish chog‘ida korxonada donni qayta ishlashning barcha bosqichlari zamonaviy texnologiyalar asosida tashkil etilgani, ishlab chiqarish jarayonlarida sifat nazorati uzluksiz olib borilayotgani alohida e’tirof etildi.
Shuningdek, laboratoriyalarda urug‘lik donning nav tozaligi, namlik darajasi, unuvchanligi va boshqa muhim agrobiologik ko‘rsatkichlarni aniqlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar atroflicha tahlil qilindi. Urug‘lik donni yarovizatsiyalash jarayonida qo‘llanilayotgan ilg‘or yondashuvlarning samaradorligini yanada oshirish yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.
Bundan tashqari, mavjud infratuzilmadan samarali foydalanish, urug‘lik tayyorlash jarayonlarini yanada takomillashtirish, laboratoriya tahlillarining aniqligi va ishonchliligini oshirish hamda innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish bo‘yicha mas’ullarga tegishli vazifalar yuklatildi.
