Hududlarda

Buxoro viloyatida urug‘lik don tayyorlash va vernalizatsiya ishlari nazorat qilindi

Urug‘chilikni rivojlantirish markazi direktori o‘rinbosari Bahodir Muydinov boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan hududlarda 2027-yil hosili uchun urug‘lik don tayyorlash, saqlash hamda vernalizatsiya (yarovizatsiya) jarayonlari o‘rganilmoqda. Navbatdagi o‘rganishlar Buxoro viloyatida olib borilib, viloyatda 2027-yil hosili uchun rejalashtirilgan 18 ming tonna urug‘lik don o‘rniga amalda 20 ming 535 tonna urug‘lik don jamg‘arilgani, ya’ni belgilangan rejaga nisbatan 2 ming 535 tonna ortiqcha zaxira yaratilgani qayd etildi. 

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 11-iyundagi 304-son qaroriga muvofiq, tayyorlangan urug‘lik donni sovitkichli omborlarda vernalizatsiya qilish ishlari tashkil etilmoqda.

Ishchi guruh tomonidan urug‘lik tayyorlash korxonalari faoliyati ham atroflicha o‘rganildi. Viloyatda mavjud 4 ta urug‘lik bug‘doy dorilash sexidan faqat bittasida ishlar boshlangan bo‘lib, qolgan sexlar mavsumga tayyor bo‘lsa-da, hali to‘liq ishga tushirilmagani aniqlandi. Hozirga qadar viloyat bo‘yicha jami 435 tonna, ya’ni 2,2 foiz urug‘lik don dorilangan bo‘lib, ushbu ishlar asosan “Buxoro Best Seeds” MCHJ tomonidan ikki smenada olib borilmoqda. Shuningdek, urug‘lik donni sovitkichli omborlarga joylashtirish bo‘yicha 7 ta korxona bilan 20,7 ming tonnalik shartnomalar tuzilgan bo‘lsa-da, bugungi kunga qadar sovitkichli omborlarga atigi 105 tonna urug‘lik bug‘doy qabul qilingan.

O‘rganishlar yakunida ishchi guruh tomonidan urug‘lik tayyorlash korxonalarini to‘liq quvvatda ishlashini ta’minlash, ishga tushirilmagan korxonalarni qisqa muddatda faoliyatini yo‘lga qo‘yish, tayyorlangan urug‘lik donni 45 kunlik vernalizatsiya jarayonini inobatga olgan holda sovitkichli omborlarga bosqichma-bosqich joylashtirish hamda korxonalarda uch smenali ish tizimini tashkil etish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi. Bundan tashqari, ishchilar uchun mehnat xavfsizligi talablariga mos sharoitlar, maxsus kiyim-bosh, issiq ovqat va maishiy qulayliklarni yaratish yuzasidan topshiriqlar berilib, ularning ijrosi doimiy nazoratga olinishi ta’kidlandi.

Прокрутить вверх