Ustozlarga ehtirom — xalq qadriyatining yorqin ifodasi
9-may — Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Urug‘chilikni rivojlantirish markazi direktori Shuhrat Otajonov biologiya fanlari doktori, professor Said Akbar Rahmonqulov xonadonida bo‘lib, ustoz olim holidan xabar oldi. Samimiy uchrashuv davomida yurt ravnaqi, ilm-fan taraqqiyoti hamda qishloq xo‘jaligi sohasining bugungi rivoji haqida suhbat qurildi. Ustozning ko‘p yillik samarali mehnati va yosh mutaxassislarni tarbiyalashdagi xizmatlari alohida e’tirof etildi.
Professor Said Akbar Rahmonqulov qishloq xo‘jaligi biologiyasi, urug‘chilik va seleksiya yo‘nalishlarida samarali faoliyat olib borgan yetuk olimlardan biridir. U uzoq yillar davomida Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot institutida faoliyat yuritib, qishloq xo‘jaligi ekinlari seleksiyasi, urug‘chilik tizimini rivojlantirish hamda hosildorlikni oshirish yo‘nalishlarida munosib ilmiy hissa qo‘shgan. Olimning boy ilmiy tajribasi va ko‘p yillik faoliyati bugungi kunda ham soha vakillari uchun muhim tajriba maktabi bo‘lib xizmat qilmoqda.
Uchrashuv yakunida professor Said Akbar Rahmonqulovga mustahkam sog‘liq, uzoq umr va oilaviy xotirjamlik tilandi. Bunday e’tibor va ehtirom xalqimizning ilm-fan fidoyilari, ustoz va mehnat faxriylariga bo‘lgan yuksak hurmatining amaliy ifodasidir. Xotira va qadrlash kuni ana shunday insonlarni e’zozlash, ularning hayot yo‘li va mehnatini yoshlarga ibrat sifatida targ‘ib qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.
