Kapsulalangan chigit bilan kuzgi ekish sinovi boshlandi
Qishloq xo’jaligi vazirligi hamda Urug‘chilikni rivojlantirish markazi tashabbusi bilan paxtachilikda yangi agrotexnologiyani sinovdan o‘tkazishga qaratilgan ilmiy tajriba ishlari boshlandi. Tajriba doirasida xorijiy g‘o‘za navining mahalliy sharoitda tayyorlangan «Intensiv-1» urug‘lari turli preparatlar yordamida kapsulalanib, bugun 21-noyabr kuni tajriba maydoniga ekildi. Mazkur izlanishlar chigitning unib chiqishi uchun qulay sharoit yaratish, ekish muddatlarini optimallashtirish hamda g‘o‘zaning rivojlanish jarayonini ertaroq boshlash imkoniyatlarini o‘rganishga qaratilgan.
Ushbu tajriba Qashqadaryo, Surxondaryo, Jizzax va Toshkent viloyatlarida sinovdan o‘tkazilmoqda. Tadqiqotning asosiy maqsadi kapsulalangan chigitning tuproqda saqlanishi, namlikni ushlab turish xususiyati, tashqi muhit ta’sirlariga chidamliligi hamda bahorgi sharoitda unib chiqish ko‘rsatkichlarini baholashdan iborat. Kapsula chigitni muayyan muddat davomida himoya qilish, uning chirish xavfini kamaytirish va qulay harorat yuzaga kelganda unib chiqishi uchun zarur sharoit yaratishi ko‘zda tutilgan. Shu orqali vegetatsiya davridan samarali foydalanish, g‘o‘za rivojlanishini ertaroq boshlash va hosilning pishib yetilish muddatiga ta’sir ko‘rsatish imkoniyatlari o‘rganiladi.
Tajriba doirasida kapsulalangan chigitni ekishning optimal muddatini aniqlash maqsadida noyabr, dekabr va yanvar oylarida bosqichma-bosqich urug‘ qadash ishlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Turli muddatlarda ekilgan chigitlar ustida muntazam kuzatuv olib borilib, ularning qish davomida tuproqda saqlanish darajasi, bahorgi unib chiqishi, ko‘chatlarning rivojlanishi va keyingi vegetatsiya jarayonlari o‘zaro taqqoslanadi. Olingan natijalar asosida kapsula bilan ekish texnologiyasining samaradorligi, maqbul ekish muddati va uni paxtachilik amaliyotida qo‘llash istiqbollari baholanadi. Dastlabki sinovlar ijobiy natija bergan taqdirda, ushbu innovatsion yondashuvni kengroq maydonlarda joriy etish imkoniyatlari ko‘rib chiqiladi.
