Sifatli urug‘ — yuqori hosil olishning ilk manbaidir
Paxta seleksiyasi urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot institutining Namangan ilmiy-tajriba stansiyasida g‘o‘za aprobatsiyasiga bag‘ishlangan ko‘rgazmali seminar o‘tkazildi.
Namangan viloyati Qishloq xo‘jaligi boshqarmasi hamda “Urug‘chilikni rivojlantirish markazi” DM Namangan viloyati boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda 2026-yil mavsumida urug‘lik uchun ekilgan g‘o‘za maydonlarida aprobatsiya o‘tkazish, nav tozaligini baholash hamda yuqori sifatli urug‘lik chigit jamg‘armasini shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Seminarning amaliy qismida viloyatning barcha tumanlaridan ishtirok etgan qishloq xo‘jaligi sohasi mutaxassislari urug‘lik g‘o‘za maydonlarida nav tozaligi, hosildorlik, shuningdek, o‘simliklarning kasallik va zararkunandalar bilan zararlanish darajasini aniqlash jarayonlari bilan tanishdilar.
Tadbirning nazariy qismida urug‘lik chigit jamg‘armasini sifatli shakllantirishda g‘o‘za aprobatsiyasining ahamiyati, uni belgilangan talablar asosida o‘tkazish tartibi va sohada amalga oshiriladigan ishlar haqida “Urug‘chilikni rivojlantirish markazi” DM Namangan viloyati boshqarmasi boshlig‘i O. Haydarov ma’ruza qildi.
Shuningdek, seminar davomida mavzuga oid qator ma’ruzalar tinglanib, urug‘chilik sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va yangiliklar haqida ishtirokchilarga batafsil ma’lumotlar berildi.
Ushbu kabi amaliy seminarlar mutaxassislarning nazariy va amaliy bilimlarini oshirish, g‘o‘za aprobatsiyasini sifatli tashkil etish hamda kelgusi mavsum uchun yuqori reproduksiyali va sifatli urug‘lik chigit tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
