Yangiliklar

Jizzax viloyatida urug‘lik g‘o‘za maydonlarini aprobatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha o‘quv-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi

Unda urug‘lik g‘o‘za maydonlarini baholash, navdorlik va hosildorlik ko‘rsatkichlarini aniqlash, sifatli va talab darajasidagi urug‘lik chigit zaxirasini shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Ta’kidlanganidek, aprobatsiya kelgusi yil hosili uchun yuqori sifatli va toza navdor urug‘lik zaxirasini yaratishning muhim bosqichidir.

Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov seminardagi kirish so‘zida urug‘lik g‘o‘za maydonlarini aprobatsiyadan o‘tkazish jarayonini zamonaviy talablar asosida tashkil etish muhimligini ta’kidladi: “Joriy yildan boshlab respublikamizda urug‘lik g‘o‘za maydonlari aprobatsiyasi ilk marta raqamli formatda tashkil etiladi.” Bunda aprobatsiya jarayonlari bevosita dala maydonining o‘zida “E-urug‘” axborot tizimi orqali amalga oshirilib, ijobiy baholangan maydonlar bo‘yicha “Agrosert” platformasi orqali raqamli navdorlik guvohnomasi berilishi belgilangan.

Seminarda hududiy aprobatsiya komissiyalarining vazifalari, har bir kontur bo‘yicha baholash ishlarini alohida tashkil etish hamda natijalarni “E-urug‘” axborot tizimiga o‘z vaqtida kiritish bo‘yicha amaliy tushuntirishlar berildi. Joriy yilda respublika bo‘yicha 1 186 ta subyektning 52 ming gektar urug‘lik paxta maydonlarini aprobatsiyadan o‘tkazish va natijalar asosida qariyb 35 ming tonna urug‘lik chigit tayyorlash prognoz qilinmoqda.

Прокрутить вверх