Yangiliklar

Kelgusi yil hosili uchun 265 ming tonnadan ortiq urug‘lik g‘alla jamg‘arildi

Mamlakatimizda kelgusi yil hosili uchun sifatli urug‘lik g‘alla zaxirasini shakllantirish ishlari izchil davom ettirilmoqda. So‘nggi to‘rt yilda urug‘lik g‘alla jamg‘arish ko‘rsatkichlari tahlili ham ijobiy dinamikani ko‘rsatmoqda. Xususan, 2023-yilda 258 829 tonna, 2024-yilda 253 201 tonna, 2025-yilda 238 788 tonna, 2026-yilda esa 265 873 tonna urug‘lik g‘alla jamg‘arildi. Joriy yilgi ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 27 085 tonnaga, 2023-yilga nisbatan esa 7 044 tonnaga ko‘p bo‘lib, so‘nggi to‘rt yildagi eng yuqori natijani qayd etdi. Shundan 236 641 tonnasi joriy yil hosilidan tayyorlangan urug‘lik bug‘doy, 29 232 tonnasi esa o‘tgan yildan ortib qolgan urug‘lik bug‘doy hisoblanadi.

Jamg‘arilgan urug‘lik g‘alla hajmi hududlar kesimida ham salmoqli ko‘rsatkichlarni qayd etmoqda. Xususan, Toshkent viloyatida 33 476 tonna, Qashqadaryoda 33 387 tonna, Surxondaryoda 23 971 tonna, Farg‘ona viloyatida 23 287 tonna, Jizzaxda 22 383 tonna, Buxoroda 20 994 tonna, Samarqandda 20 732 tonna urug‘lik g‘alla jamg‘arilgan.

Shuningdek, Andijon viloyatida 19 977 tonna, Namanganda 18 538 tonna, Sirdaryoda 14 963 tonna, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 14 358 tonna, Xorazmda 10 932 tonna hamda Navoiy viloyatida 8 877 tonna urug‘lik g‘alla zaxirasi shakllantirildi. Ushbu ko‘rsatkichlar hududlarda kelgusi mavsum uchun zarur urug‘lik bazasini yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lamini ko‘rsatadi.

Ayni paytda jamg‘arilgan urug‘lik g‘allani sifat ko‘rsatkichlari bo‘yicha nazoratdan o‘tkazish, tozalash, saralash va belgilangan tartibda saqlash ishlari davom ettirilmoqda. Kelgusi yil hosili uchun yetarli miqdorda va yuqori sifatli urug‘lik zaxirasining shakllantirilishi g‘allachilikda barqaror hosildorlikni ta’minlash hamda fermer xo‘jaliklarini sifatli urug‘lik bilan ta’minlashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

Прокрутить вверх