TAKRORIY KARTOSHKA EKINI UCHUN MUHIM TAVSIYA
Takroriy ekinlarda yuqori hosildorlikka erishish urug‘lik kartoshkani ekishdan oldin to‘g‘ri tayyorlashga bog‘liq. Milliy markaz tizimidagi Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutida olib borilgan ilmiy-tajriba ishlari urug‘lik tuganaklarini qizil LED nurida nishlatish samarali usullardan biri ekanini ko‘rsatmoqda.
Mazkur usul tuganaklarning fiziologik faolligini oshirib, bir tekis nish hosil bo‘lishini ta’minlaydi. Natijada qisqa, yo‘g‘on va mustahkam nishlar shakllanib, maysalarning tez unib chiqishi hamda ertaroq tuganak hosil qilishi kuzatiladi. Ekishga tayyor nishlar 0,5–2 sm uzunlikda, yo‘g‘on va sinishga chidamli bo‘lishi tavsiya etiladi.
Urug‘likni tayyorlashda quyidagi talablarga amal qiling:
Sovutilgan ombordan olingan tuganaklarni 2–3 kun davomida tashqi haroratga moslashtiring va 15–18 °C haroratda qizil LED nurida nishlating.
Oddiy omborda saqlangan urug‘likni saralab, kasallangan tuganaklarni ajrating. Sog‘lom tuganaklarni 1–2 qatlam qilib joylashtiring.
Tavsiya etiladigan nishlatish rejimi:
• 🌡Harorat — 15–18 °C
• Nisbiy namlik — 80–90 %
• Yoritish — kuniga 8–12 soat
• Nishlatish muddati — 5–10 kun
Qizil LED nurida nishlatilgan sog‘lom urug‘lik takroriy kartoshka ekinlarida o‘simliklarning jadal rivojlanishi va barqaror hosil shakllanishi uchun muhim omillardan biri hisoblanadi.
