Hududlarda

Qoraqalpog'istonda urug'lik don tayyorlash jarayonlari o'rganilmoqda

Urug’chilikni rivojlantirish markazi direktori o’rinbosari Bahodir Mo’ydinov boshchiligidagi ishchi guruh ayni kunlarda hududlarda 2027-yil hosili uchun urug’lik don tayyorlash, saqlash va vernalizatsiya (yarovizatsiya) jarayonlarini o’rganmoqda.

Navbatdagi o’rganishlar Qoraqalpog’iston Respublikasida o’tkazilib, bu yerda 2027-yil hosili uchun jami 12 ming tonna urug’lik don jamg’arilgan. Shuningdek, o’tgan yillardan qolgan 1 ming 640 tonna dorilangan hamda 202 tonna dorilanmagan urug’lik don zaxirasi ham mavjud. Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 11-iyundagi 304-son qaroriga muvofiq, hududda 12 ming tonna urug’lik donni vernalizatsiya qilish maqsadida sovitkichli omborxonalarda saqlash ishlari tashkil etilmoqda.O’rganishlar davomida urug’lik tayyorlash tizimidagi qator kamchiliklar ham aniqlandi.

Xususan, urug’lik donni sovitkichli omborlarga joylashtirish uchun ayrim korxonalar bilan shartnomalar to’liq rasmiylashtirilmagani, urug’lik dorilash mavsumida ishchi eritmalar tayyorlash uchun Karantin agentligi mutaxassislari biriktirilmagani ma’lum bo’ldi. Aniqlangan kamchiliklarni qisqa muddatlarda bartaraf etish maqsadida ishchi guruh tomonidan mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi. Jumladan, ikki kun ichida urug’lik tayyorlash korxonalarini mavsumga to’liq shay holatga keltirish, bir kun muddatda sovitkichli omborlar bilan shartnomalarni yakunlash, urug’lik don uchun qop, kimyoviy preparatlar va tagliklar zaxirasini yaratish, sifatni baholash markazi bilan zarur shartnomalarni rasmiylashtirish, korxonalarda 3 smenali ish tizimini yo’lga qo’yish hamda belgilangan grafik asosida urug’lik tayyorlash va sovitkichli omborlarga joylashtirish ishlarini jadallashtirish topshirildi.

Shuningdek, ishchilar uchun maxsus kiyim, issiq ovqat va zarur maishiy sharoitlarni yaratish bo’yicha ham tegishli ko’rsatmalar berildi.

Прокрутить вверх