G‘alla aprobatsiyasida raqamli tizim asosidagi yangi bosqich
Toshkent viloyati O‘rtachirchiq tumanidagi “Madoniz diamond” urug‘chilik xususiy korxonasida g‘alla urug‘liklarini aprobatsiyadan o‘tkazish jarayonlarini zamonaviy raqamli tizimlar asosida tashkil etishga bag‘ishlangan o‘quv-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi. Tadbir Urug‘chilikni rivojlantirish markazi hamda O‘zagroinspeksiya hamkorligida tashkil etilib, unda aprobatorlar, urug‘chilik xo‘jaliklari vakillari va soha mutaxassislari ishtirok etdi. Seminar davomida aprobatsiya jarayonlarini aniq, tezkor va shaffof yuritish, dala sharoitida nav tozaligi hamda o‘simlik holatini baholash bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi.
Tadbirda aprobatsiya ma’lumotlarini planshetlar orqali “E-urug‘” elektron tizimiga real vaqt rejimida kiritish amaliyoti namoyish etildi. Ta’kidlanishicha, mazkur tizim inson omilini kamaytirish, ma’lumotlar aniqligini oshirish va barcha jarayonlarni yagona platforma orqali boshqarish imkonini beradi. Urug‘chilikni rivojlantirish markazi direktori Shuhrat Otajonov yangi raqamli mexanizm arizalarni qabul qilishdan tortib yakuniy navdorlik guvohnomasini rasmiylashtirishgacha bo‘lgan barcha bosqichlarni elektron tizim orqali nazorat qilish imkonini yaratishini qayd etdi. Seminar yakunida ishtirokchilar ushbu yondashuv urug‘lik sifati nazoratini yanada takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladilar.
