Seminar

SIRDARYO VILOYATI SIRDARYO TUMANIDA G'ALLA APROBATSIYASI BO'YICHA O'QUV-AMALIY SEMINAR O'TKAZILDI

Sirdaryo viloyatida urug‘lik g‘allani aprobatsiyadan o‘tkazishga mas’ul bo‘lgan tashkilotlar — Urug‘chilikni rivojlantirish markazi hamda “O‘zagroinspeksiya” tashabbusi bilan aprobatsiya ko‘rigini sifatli va to‘g‘ri tashkil etishga bag‘ishlangan amaliy seminar bo‘lib o‘tdi. Seminarda hududlardagi aprobatorlar, urug‘chilik subyektlari va sohaga aloqador mutaxassislar ishtirok etdi. Tadbir davomida urug‘lik maydonlarida aprobatsiya jarayonlarini amaldagi talablar asosida tashkil etish, nav tozaligini saqlash, kasallik va begona o‘tlar bilan zararlanish holatlariga alohida e’tibor qaratish bo‘yicha tushuntirishlar berildi. Shuningdek, urug‘lik sifatini belgilovchi asosiy mezonlar hamda aprobatsiya jarayonida uchrayotgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tavsiyalar bildirildi.

Seminarda Urug‘chilikni rivojlantirish markazi direktori Shuhrat Otajonov qatnashib, aprobatorlar faoliyatida mas’uliyat va xolislik muhim o‘rin tutishini ta’kidladi. U aprobatsiya natijalarini bir vaqtning o‘zida “E-urug‘” platformasida qayd etib borish zarurligi haqida ma’lumot berib, bu tizim jarayonlarning shaffofligi va ishonchliligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi. Seminar davomida aprobatsiya ko‘riklarini o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazish orqali kelgusi yil hosili uchun yuqori sifatli urug‘lik fondini shakllantirish, hosildorlikni oshirish hamda fermer xo‘jaliklarini sara urug‘lik bilan ta’minlash masalalariga alohida urg‘u berildi.

Прокрутить вверх