Vodiy viloyatlarida urug‘lik chigit tayyorlash jarayonlari tahlil qilindi

Ayni kunlarda Qishloq xo‘jaligi vazirligi topshirig‘iga asosan tashkil etilgan Respublika ishchi guruhi tomonidan hududlarda jamg‘arilgan urug‘lik chigit holati hamda uni tayyorlash jarayonlari o‘rganilmoqda. Urug‘chilikni rivojlantirish markazi direktori o‘rinbosari Shermuhammad Aminov boshchiligidagi ishchi guruh vodiy viloyatlarida bo‘lib, 2026-yil hosili uchun urug‘lik chigit tayyorlash ishlarining borishini joyida tahlil qildi.

Xususan, Farg‘ona viloyatida 2026-yil hosili uchun 40 ta subyekt tomonidan 2370 tonna chigitni tozalash, 1540 tonna urug‘lik chigitni tuksizlantirish va dorilash rejalashtirilgan. Tasdiqlangan grafik bo‘yicha 11-yanvar holatiga 1224 tonna chigit tozalanishi belgilangan bo‘lsa-da, amalda bu ko‘rsatkich 686 tonnani tashkil etdi. Ayrim klasterlar va xususiy urug‘chilik xo‘jaliklarida belgilangan muddatlarda tozalash-saralash ishlari boshlanmagani aniqlandi. Shu bilan birga, viloyatda 2025-yil hosilidan 983 tonna tindirilgan urug‘lik chigit saqlanayotgani qayd etildi.

Andijon viloyatida esa 2026-yil hosili uchun 5042 tonna chigitni tozalash, 3079 tonna urug‘lik chigitni tuksizlantirish va dorilash rejalashtirilgan. 10-yanvar holatiga ko‘ra, tozalash ishlari 37 foizga, tuksizlantirish va dorilash ishlari 26–29 foiz atrofida bajarilgan. Ayrim klaster va xususiy urug‘chilik korxonalari tomonidan urug‘lik chigit tayyorlash ishlariga yetarli e’tibor qaratilmayotgani, texnik va tashkiliy muammolar sabab jarayonlar kechikayotgani aniqlandi. Viloyatda o‘tgan yildan 2168 tonna tindirilgan urug‘lik chigit zaxirasi mavjud.

Namangan viloyatida 2026-yil hosili uchun 1978 tonna chigitni tozalash, 843 tonna urug‘lik chigitni tuksizlantirish va 1108 tonna urug‘lik chigitni dorilash rejalashtirilgan. 12-yanvar holatiga ko‘ra, rejalarning atigi 19–36 foizi bajarilgani kuzatildi. Ayrim korxonalarda ta’mirlash ishlari tugallanmagani, elektr ta’minotidagi uzilishlar hamda dorilagich vositalarining yaroqlilik muddati bilan bog‘liq muammolar jarayonlarga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani qayd etildi. Shu bilan birga, viloyatda 1355 tonna tindirilgan urug‘lik chigit saqlanmoqda.

Ishchi guruh tomonidan barcha viloyatlarda aniqlangan kamchiliklarni tezkor bartaraf etish, urug‘lik chigitni tozalash, tuksizlantirish va dorilash ishlariga mas’uliyat bilan yondashish zarurligi qat’iy ta’kidlandi. Aks holda, belgilangan muddatlarda urug‘lik chigit tayyorlanmasligi 2026-yil hosili uchun paxta yetishtiruvchi subyektlarni sifatli urug‘lik bilan ta’minlashda muammolar keltirib chiqarishi mumkinligi tushuntirildi.

O‘rganishlar yakunida joylarda urug‘lik chigit tayyorlash jarayonida yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha mas’ul rahbar va mutaxassislarga ishchi guruh tomonidan aniq tavsiyalar hamda tushunchalar berildi.

Прокрутить вверх