Qishloq xo’jaligi vazirligining tegishli buyrug’i bilan tashkil etilgan ishchi guruhlar ayni kunlarda hududlarda urug’lik tayyorlash jarayonlarini ko’zdan kechirmoqda. Urug‘chilikni rivojlantirish markazi direktori o‘rinbosari Shermuhammad Aminov boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan Jizzax viloyatida 2026-yil hosili uchun urug‘lik chigit tayyorlash jarayonlari o‘rganildi.

Viloyatda 11 ta subyekt tomonidan jami 1 367 tonna chigitni tozalash, 957 tonna urug‘lik chigitni tuksizlantirish va 957 tonna urug‘lik chigitni dorilash rejalashtirilgan. Tasdiqlangan grafik bo‘yicha 2026-yil 7-yanvar holatiga 959 tonna chigitni tozalash belgilangan bo‘lsa-da, amalda 604 tonna, tuksizlantirish va dorilash bo‘yicha esa 458 tonna reja o‘rniga 170 tonnadan ishlar bajarilgan bo‘lib, grafikdan sezilarli darajada ortda qolish holatlari qayd etildi.

O‘rganishlar davomida “Sangzor tekstil” MCHJ, “Silverleafe” MCHJ klasterlari, “Dafna ifori”, “Paxtakor sara boshoq dalasi” xususiy urug‘chilik korxonalari hamda Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi tarkibidagi “Do‘stlik” MCHJ tomonidan urug‘lik chigitni tozalash ishlari hali boshlanmagani aniqlandi. Shuningdek, 2026-yil hosili uchun 957 tonna urug‘lik chigitni tuksizlantirish va dorilash rejalashtirilgan “Jizzax best seeds” MCHJ, “Semrug‘” MCHJ va “Oqtosh urug‘chiligi” MCHJ korxonalaridan “Jizzax best seeds” MCHJga tuksiz urug‘lik yetkazib berilmagani sababli sex faoliyati yo‘lga qo‘yilmagan. Bu holatlar ayrim korxonalarning urug‘lik chigit tayyorlash ishlariga yetarli darajada e’tibor qaratmayotganini ko‘rsatmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, viloyatda 2025-yil hosilidan 1 623 tonna mahalliy nav urug‘lik chigit 2026-yil hosili uchun tindirilgan holda saqlanmoqda. Joriy yil hosili uchun 67,6 ming gektar maydonga paxta ekish rejalashtirilgan bo‘lib, shundan 33,6 ming gektari mahalliy navlarga to‘g‘ri keladi. Hisob-kitoblarga asosan jami 1 616 tonna mahalliy nav urug‘lik chigit tayyorlash zarur. Ishchi guruh tashrifi davomida “Oqtosh urug‘chiligi” MCHJ tomonidan tayyorlanayotgan “Sulton” navining 5 tonna 1-avlod urug‘ligi sifatsiz saralangani aniqlanib, qayta saralash ishlari amalga oshirildi. Mutaxassislar tomonidan aniqlangan kamchiliklarni qisqa muddatda bartaraf etish bo‘yicha joylarda zarur tavsiyalar berildi hamda belgilangan muddatlarda urug‘lik chigit tayyorlanmasa, 2026-yil hosili uchun urug‘ bilan ta’minlashda muammolar yuzaga kelishi mumkinligi ta’kidlandi.
