
Ayni kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining topshirig‘i asosida hududlarda jamg‘arilgan urug‘lik paxta xom-ashyosining holati o‘rganilmoqda. Urug‘chilikni rivojlantirish markazi direktori o‘rinbosari Shermuhammad Aminov boshchiligidagi Respublika ishchi guruhi Qashqadaryo viloyatida olib borilayotgan ishlarda ishtirok etdi. O‘rganishlar davomida 2025-yil hosilidan viloyatda jami 12 061 tonna urug‘lik paxta jamg‘arilgani, shundan 7 908 tonna mahalliy va 4 153 tonna xorijiy navlar ekani ma’lum qilindi.

Monitoring jarayonida paxta-to‘qimachilik klasterlari hamda xususiy korxonalarda urug‘lik paxta xomashyosining saqlanishi, g‘aramlarning holati, profilaktika tadbirlari va dastlabki qayta ishlash jarayonlari atroflicha o‘rganildi. Ayrim xo‘jaliklarda tunnellar qazilgani, qirqish–tarash ishlari bajarilgani, brezent bilan yopilgani va ventilyatorlarning o‘rnatilgani ijobiy baholandi. Ammo ba’zi joylarda g‘aram pasportlarining o‘rnatilmagani, mahsulotning yopilmagan omborlarda turgani kabi kamchiliklar ham aniqlandi.

Shu bilan birga, bir qator korxonalarda urug‘lik paxtani saqlash va qayta ishlash jarayonlari namunaviy tashkil etilgani qayd etildi. Xususan, ventilyatsiya tizimi o‘rnatilgan, seleksion navlar alohida ajratib qo‘yilgan hamda qayta ishlash jarayonlari tasdiqlangan grafik asosida olib borilmoqda. Hozirga qadar viloyatda jamg‘arilgan 594 tonna paxtadan 314 tonna urug‘lik chigit tayyorlangani ma’lum qilindi.

O‘rganish yakunida Respublika ishchi guruhi aniqlangan kamchiliklarni qisqa fursatda bartaraf etish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berdi. Jumladan, g‘aramlarga pasport kartochkalarini o‘rnatish, navlarni aralashtirmasdan alohida saqlash, omborlarda zararkunandalarga qarshi ishlov berish, hamda qayta ishlash jarayonlarini belgilangan grafik asosida tashkil etish vazifalari yuklatildi. Ushbu chora-tadbirlar urug‘lik paxta xomashyosining sifatini ta’minlash va kelgusi mavsumga puxta tayyorgarlik ko‘rishga xizmat qiladi.
