IX XALQARO ECOSA URUG‘CHILIK KONGRESSINING UCHINCHI KUNI
IX Xalqaro ECOSA urug‘chilik kongressining uchinchi kuni Samarqand viloyatida davom etdi. Kongress doirasida ECOSAga a’zo 9 ta davlatdan tashrif buyurgan 130 nafarga yaqin urug‘chilik sohasi vakillari va tadbirkorlar “O‘ZAGROINSPEKSIYA” huzuridagi Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sifatini baholash markazining Samarqand viloyati filialida bo‘ldilar. Tashrif davomida xorijiy mehmonlarga hududda urug‘chilik sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va mavjud imkoniyatlar haqida ma’lumot berildi.
Uchrashuv davomida mehmonlar Samarqand viloyati urug‘chilik boshqarmasi tomonidan taklif etilayotgan bug‘doy navlariga alohida qiziqish bildirdilar. Tomonlar istiqbolli navlarni yetishtirish, urug‘lik mahsulotlari savdosini yo‘lga qo‘yish hamda o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashdilar. Mazkur uchrashuvlar O‘zbekiston urug‘chilik mahsulotlarining xalqaro bozordagi imkoniyatlarini kengaytirish va xorijiy hamkorlar bilan savdo aloqalarini mustahkamlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Tashrif yakunida o‘zbek xalqining mehmondo‘stligi va milliy qadriyatlarini namoyon etish maqsadida ECOSA rahbariyatiga Samarqand to‘ni va do‘ppisi sovg‘a qilindi. Milliy liboslarimizning taqdim etilishi xalqaro hamkorlik doirasidagi do‘stona munosabatlarni mustahkamlash bilan birga, O‘zbekistonning boy madaniy merosi va an’analarini xalqaro miqyosda targ‘ib etishga ham xizmat qildi.
