Xalqaro hamkorlik

ECOSA KONGRESSI DOIRASIDA XALQARO HAMKORLIK KO‘LAMI KENGAYMOQDA

IX Xalqaro ECOSA urug‘chilik kongressining ikkinchi kunida ham B2B formatidagi biznes uchrashuvlar davom etmoqda. Mazkur uchrashuvlar urug‘chilik sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, o‘zaro manfaatli kelishuvlarga erishish, ilg‘or tajriba va zamonaviy texnologiyalar almashinuvini yo‘lga qo‘yishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Xususan, Urug‘chilikni rivojlantirish markazi tizimidagi “Best Seeds” urug‘lik tayyorlash korxonalari tomonidan Turkiya kompaniyalari bilan istiqbolli hamkorlik aloqalari o‘rnatilmoqda.

Jumladan, “Toshkent Best Seeds” MChJ Turkiyaning “Tarim” urug‘chilik kompaniyasi bilan arpa va beda urug‘chiligi, «Utek tarim» urug’chilik kompaniyasi bilan maxsar urug’chiligi, “Uchqo‘rg‘on Best Seeds” MChJ esa “Taspinar” kompaniyasi bilan makkajo‘xori urug‘chiligi yo‘nalishida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvlarga erishdi. Shuningdek, kongress doirasidagi muzokaralarda Qozog‘iston vakillari O‘zbekistonda yetishtirilayotgan mahalliy sholi urug‘lariga katta qiziqish bildirdi. Ular “Guliston guruch” xususiy urug‘chilik kompaniyasi bilan hamkorlikda sholining “Iskandar” navini Qozog‘iston hududida yetishtirish taklifini ilgari surdi. Ushbu tashabbuslar O‘zbekiston urug‘chiligining eksport salohiyatini oshirish, mahalliy navlarni xalqaro bozorlarga olib chiqish hamda mintaqaviy hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish uchun muhim imkoniyat yaratadi.

Прокрутить вверх