Yangiliklar

Surxondaryoliklar 328 ming tonna paxta jamg‘ardi

Surxondaryo viloyati paxtakorlari 2026-yil hosili uchun 62 ming 850 gektar maydonda yetishtirilgan paxtadan 328 ming tonnadan ortiq paxta xomashyosi yig‘ib oldi. Natijada o‘rtacha hosildorlik gektariga 52,2 sentnerdan oshdi.

Joriy yilda viloyatdagi 1 854 ta paxta yetishtiruvchi tomonidan jami 62 850 gektar maydonda g‘o‘za parvarishlandi. Shundan 31 335 gektarida xorijiy navlar, 3 140 gektarida ingichka tolali, 28 375 gektarida esa o‘rta tolali g‘o‘za navlari yetishtirildi.

Yuqori hosilga erishishda ilmiy asoslangan agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda ilg‘or tajribalardan foydalanish muhim ahamiyat kasb etdi.

Shuningdek, paxtachilikni mexanizatsiyalashtirish borasidagi ishlar ham terim samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda. Xususan, so‘nggi ikki yilda viloyatda 153 ta yangi paxta terish mashinasi xarid qilinib, dalalardagi terim jarayonlariga jalb etildi.

Surxondaryo paxtakorlari erishgan ushbu natija viloyatda paxtachilikni rivojlantirish, hosildorlikni oshirish va zamonaviy agrotexnologiyalarni keng joriy etish borasidagi sa’y-harakatlarning amaliy samarasidir.

Прокрутить вверх