O‘zbekiston delegatsiyasi MDHning urug‘chilik bo‘yicha 27-yig‘ilishida ishtirok etdi
O‘zbekiston delegatsiyasi joriy yilning 6–8-oktabr kunlari Turkmanistonda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligining urug‘chilik masalalari bo‘yicha Hukumatlararo muvofiqlashtiruvchi kengashi 27-yig‘ilishida ishtirok etmoqda.
Yig‘ilishda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi davlatlari o‘rtasida agrar sohadagi hamkorlikni chuqurlashtirish, seleksiya va zamonaviy urug‘chilik tizimlarini rivojlantirish kabi muhim masalalar muhokama etildi.
Xususan, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo mamlakatlar davlat rahbarlari tomonidan imzolanadigan “Seleksiya navlari va gibridlari, dorivor o‘simliklar, meva-rezavor ekinlar hamda uzum urug‘larini ko‘p tomonlama davlatlararo ixtisoslashtirish va yetkazib berish to‘g‘risida”gi bitim loyihasi ko‘rib chiqildi.
Tadbirda urug‘chilik sohasida ixtisoslashuv va istiqboldagi rejalar, jumladan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi davlatlarida 2027–2028-yillarga mo‘ljallangan qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘lari va ko‘chatlarini davlatlararo ixtisoslashtirish va yetkazib berish masalalari ham ko‘rib chiqilib, aniq amaliy mexanizmlar kelishib olindi.
Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo davlatlar agrar vazirliklari va idoralari rahbarlari o‘z mamlakatlaridagi seleksiya, urug‘chilik, nav va gibridlar urug‘larini davlatlararo yetkazib berish, shuningdek, meva-rezavorlar va uzum ko‘chatlarining joriy holati to‘g‘risida ma’lumot almashdilar.
Xalqaro konferensiya doirasida qishloq xo‘jaligining ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha quyidagi yo‘nalishlarda ma’ruzalar tinglandi va muhokama qilindi:
Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi davlatlarida yaratilgan yangi va istiqbolli qishloq xo‘jaligi ekinlari (xususan, kuzgi bug‘doy va boshqa don ekinlari) navlarini sinash hamda ularni o‘zaro almashish;
iqlim o‘zgarishiga moslashish – qurg‘oqchilikka, kasalliklarga va mahalliy iqlim sharoitlariga chidamli bo‘lgan yuqori hosildor urug‘ turlarini ishlab chiqarish hamda joriy etish;
urug‘chilik sohasidagi hujjatlarni raqamlashtirish, milliy tizimlarni o‘zaro muvofiqlashtirish hamda sifat nazoratini kuchaytirish;
davlatlar o‘rtasida seleksiya-urug‘chilik yo‘nalishida qo‘shma loyiha va tajriba maydonlarini tashkil etish hamda soha mutaxassislarining malakasini oshirish;
innovatsion texnologiyalar asosida ozuqa ishlab chiqarish, bog‘dorchilik va sog‘lom ovqatlanish industriyasini rivojlantirish, makkajo‘xori urug‘larining duragaylik darajasini oshirish hamda o‘simliklar genetik resurslariga oid dolzarb masalalar.
Tadbir doirasida o‘tkazilgan norasmiy uchrashuvlarda mintaqa davlatlari mas’ul vazirlik va idoralari bilan urug‘chilik sohasida hamkorlikni yanada mustahkamlash, urug‘chilik tizimini xalqaro standartlarga to‘liq moslashtirish hamda “Uzbek seeds” milliy brendi ostida mahalliy urug‘ materiallarimizni eksport hajmlarini oshirish mexanizmlari kelishib olindi.
