Urug‘chilik tizimida shaffoflikni ta’minlash masalalari muhokama qilindi
Bugun Urug‘chilikni rivojlantirish markazi direktori Shuhrat Otajonov raisligida tizim tashkilotlari rahbarlari va mas’ullari ishtirokida kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda dastlab Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2026-yilda korrupsiyaga qarshi keskin kurash olib borish bo‘yicha belgilab berilgan vazifalar ijrosi muhokama qilinib, urug‘chilik tizimida korrupsion holatlarni keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan ehtimollar atroflicha tahlil qilindi. Mas’ullarga sohada shaffoflikni ta’minlash, qonunbuzilish holatlarining oldini olish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.
Shuningdek, yig‘ilish kun tartibidan urug‘lik chigit tayyorlash jarayonlarining borishi, ustama mablag‘larini undirish holati, debitor va kreditor qarzdorliklar masalalari hamda ayni vaqtda o‘tkazilayotgan tender tanlovlari bilan bog‘liq masalalar o‘rin oldi. Har bir yo‘nalish bo‘yicha mavjud muammolar va ularni bartaraf etish choralari ko‘rib chiqilib, mas’ul rahbarlarga ishlarni belgilangan tartib va muddatlarda sifatli tashkil etish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.
