Ayni kunlarda Qishloq xo‘jaligi vazirligi topshirig‘iga asosan tashkil etilgan ishchi guruhlar tomonidan hududlarda jamg‘arilgan urug‘lik chigit holati va uni tayyorlash jarayonlari o‘rganilmoqda. Urug‘chilikni rivojlantirish markazi direktori o‘rinbosari Bahodir Mo‘ydinov boshchiligidagi Respublika ishchi guruhi Buxoro va Qashqadaryo viloyatlarida bo‘lib, 2026-yil hosili uchun urug‘lik chigit tayyorlash ishlari borishini hamda oldingi yillardan qolgan tindirilgan urug‘lik chigitlarning saqlanish holatini o‘rganib chiqdi.

Buxoro viloyatida 2026-yil hosili uchun 5925 tonna tukli chigitni tozalash, 3637 tonna urug‘lik chigitni tuksizlantirish va dorilash rejalashtirilgan. Tasdiqlangan grafik bo‘yicha 11-yanvar holatiga ko‘ra, urug‘lik chigitni tozalash ishlari 65 foizga, tuksizlantirish va dorilash esa 23 foizga bajarilgan. Shu bilan birga, ayrim tumanlardagi urug‘chilik xo‘jaliklarida belgilangan muddatlarda tozalash va saralash ishlari boshlanmagani aniqlanib, mas’ul rahbarlarga ishlarni jadallashtirish bo‘yicha aniq ko‘rsatma va tavsiyalar berildi. Shuningdek, viloyatda o‘tgan yillardan qolgan 1518,4 tonna tindirilgan urug‘lik chigitlarning saqlanish holati ham o‘rganildi.
Qashqadaryo viloyatida esa 2026-yil hosili uchun 6392 tonna tukli chigitni tozalash, 2554 tonna urug‘lik chigitni tuksizlantirish va 4821 tonna urug‘lik chigitni dorilash rejalashtirilgan. 12-yanvar holatiga ko‘ra, tozalash ishlari 45 foizga, tuksizlantirish va dorilash ishlari esa atigi 8 foizga bajarilgani qayd etildi. Ayrim klaster va urug‘chilik xo‘jaliklarida texnik paxtani qayta ishlash ustuvorligi sababli urug‘lik chigit bilan bog‘liq ishlar kechiktirilayotgani aniqlandi.
Ishchi guruh tomonidan har ikki viloyatda aniqlangan kamchiliklarni qisqa muddatda bartaraf etish, urug‘lik chigitni tozalash, tuksizlantirish va dorilash ishlariga jiddiy yondashish lozimligi alohida ta’kidlandi. Aks holda, belgilangan muddatlarda urug‘lik chigit tayyorlanmasa, 2026-yil hosili uchun paxta yetishtiruvchi subyektlarni sifatli urug‘lik chigit bilan ta’minlashda muammolar yuzaga kelishi mumkinligi tushuntirildi. Mas’ul rahbarlarga joylarda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha zarur tavsiya va tushunchalar berildi.

