Urugʻchilik sohasida ochiqlik va shaffoflik: Matbuot uchun press-tur tashkil etildi

Bugun Qishloq xoʻjaligi vazirligi tashabbusi bilan vazirlik va uning tizimidagi tashkilotlarga ommaviy axborot vositalari vakillari hamda blogerlar uchun press-tur uyushtirildi. Tadbir doirasida ishtirokchilar Urugʻchilikni rivojlantirish markaziga tashrif buyurib, bu yerda tashkil etilgan qishloq xoʻjaligi ekinlari urugʻliklari va mahsulotlari koʻrgazmasi bilan tanishdilar. Ko‘rgazmada mahalliy sharoitga mos, yuqori hosildorlikka ega boʻlgan turli navlar namoyish etildi.

Tashrif davomida mehmonlarga markaz hududida faoliyat yuritayotgan ma’naviyat va ma’rifat majmuasi ham tanishtirildi. Bu maskanda xodimlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlari uchun yaratilgan qulay sharoitlar — kutubxona, sport jihozlari, suhbat xonalari haqida ma’lumot berildi. Bu kabi tashabbuslar markaz jamoasi ruhiy-ma’naviy rivojini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Press-tur yakunida Urugʻchilikni rivojlantirish markazi direktori Shuhrat Otajonov ishtirokida “Urugʻchilik sohasining istiqboli, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasi” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda soha taraqqiyotidagi dolzarb masalalar, ilmiy ishlanmalarning amaliyotga joriy etilishi, shuningdek, urugʻlik yetishtirish va tarqatishda sifatni oshirish borasidagi rejalar haqida atroflicha ma’lumotlar berildi.

Прокрутить вверх