Urug’chilikni rivojlantirish markazi direktori o’rinbosari Bahodir Mo‘ydinov boshchiligidagi Respublika ishchi guruhi tomonidan Namangan viloyatida 2025-yil hosilidan jamg‘arilgan urug‘lik paxta xomashyosi holati o‘rganildi. Viloyatda jami 3845 tonna uruglik paxta xomashyosi hamda o’tgan yildan qolgan 1355 tonna tindirilgan urug’lik chigit va viloyat hokimligi taklifiga ko‘ra 397 tonna qo‘shimcha urug‘lik paxta xomashyosi yig’ilgani qayd etildi. O‘rganish jarayonida bir qator klaster va urug‘chilik korxonalarida zahira urug‘lik paxta saqlanishi, qayta ishlash jarayonlari ko‘zdan kechirildi.

O‘rganishlar davomida bir nechta korxonalarda urug‘lik saqlash bo‘yicha ijobiy ishlar bilan birga ayrim kamchiliklar ham aniqlandi. Korxonalarda urug‘lik paxta g’armalarining pasportlari yangilanmaganligi, ayrim maskanlarda qirqish-tarash ishlari o‘z vaqtida bajarilmagani, yog‘ingarchilikdan himoya qilish bo‘yicha yetarli tо‘siqlar o‘rnatilmagani kuzatildi. Shuningdek, bir qator maskanlarda qayta ishlash jarayonlari kechiktirilgan bo‘lib, bu holatlarni bartaraf etish bo‘yicha korxona mas’ullariga aniq ko‘rsatmalar berildi.

