ISHCHI GURUH FARG’ONADA

Ayni kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining topshirig‘i asosida hududlarda jamg‘arilgan urug‘lik paxta xom-ashyosining holati o‘rganilmoqda. Urug‘chilikni rivojlantirish markazi direktori o‘rinbosari Bahodir Mo‘ydinov boshchiligidagi Respublika ishchi guruhi vodiy viloyatlaridagi umumiy holatni ko’zdan kechirmoqda. Farg‘ona viloyatida olib borilayotgan ishlarda ishtirok etdi. Monitoring doirasida viloyatdagi paxta-to‘qimachilik klasterlari, xususiy korxonalar va fermer xo‘jaliklarida 2025-yil hosilidan jamg‘arilgan urug‘lik paxta xomashyosining saqlanish jarayonlari batafsil o‘rganildi.

O‘rganishlar davomida Farg‘ona viloyatida jami 57 ta g‘aramda jamg‘arilgan 4472 tonna urug‘lik paxta xomashyosi birma bir nazoratdan o’tkazildi. Ayrim korxonalarda pasportlarining o‘rnatilmagani, navlarning bir biriga yaqin holda saqlanayotgani aniqlandi. Masalan, “Quva elita urug‘chilik xo‘jaligi” MChJda elita avlodli “Namangan-77” navli paxta xomashyosi ochiq holda, talabga zid tarzda saqlanayotgani kuzatildi.

Beshariq, Bog‘dod, Dang‘ara tumanlaridagi bir qator korxonalarda urug‘lik paxta xomashyosi standartlarga to‘liq mos ravishda saqlanayotgani, ventilyatorlar o‘rnatilgani, seleksion navlar alohida joylashtirilgani ijobiy holat sifatida qayd etildi. Shuningdek, viloyatda jamg‘arilgan 594 tonna paxta qayta ishlanib, 314 tonna urug‘lik chigit tayyorlangani ma’lum bo’ldi. Shuningdek, xorij seleksiyasiga mansub “Xin Lu Zao 78” xorijiy navidan 107 tonna urug’lik qayta ishlangani ko’rildi.

O‘rganish yakunida Respublika ishchi guruhi tomonidan aniqlangan kamchiliklarni tezkor bartaraf etish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi. Jumladan, g‘aramlarga pasport kartochkalarini o‘rnatish, navlarni aralashtirmasdan saqlash, omborlarda zararkunandalarga qarshi ishlov berish, qayta ishlash jarayonlarini tasdiqlangan grafik asosida tashkil etish vazifalari yuklatildi. Mazkur chora-tadbirlar urug‘lik paxta xomashyosining sifatini ta’minlash va kelgusi mavsumga puxta tayyorgarlik ko‘rishga xizmat qiladi.

Прокрутить вверх